iPhone 8 va iPhone 8 Plus: Jahonning birinchi raqamli smartfonlari
Yangi iPhone flagmanining taqdim qilinishi Apple ishqibozlari uchun doimo bayram bo‘lib kelgan. Xususan, Apple nimaiki taqdim qilgan bo‘lmasin, uning yangi devayslari doimo diqqat markazida bo‘lib keladi, muhokama qilinadi va biror innovatsion jihati bo‘ladi.
2017 yilning 12 sentyabrida smartfon olamining «tosh-tarozisi» bo‘lmish Apple korporatsiyasi «Stiv Jobs teatri»da yubiley ayfoni bilan birga, iPhone 8 va iPhone 8 Plus flagmanlarini ham taqdim qildi.
Ko‘pchilik iPhone 8 borasida ham bahsli munozarani yaxshi biladi: nega u shu nom bilan ataldi hamda nega uni «7S» deb nomlashmadi. Bundan tashqari ekspert va foydalanuvchilar o‘rtasida bir savol yuzaga keldi: avvalgi yilgi modellardan unchalik farq qilmaydigan iPhone 8 modeli o‘zi nega kerak edi? Ayniqsa, iPhone X – tubdan o‘zgargan dizayndagi flagman taqdim qilingandan keyin kim ham eskicha ko‘rinishdagi iPhone 8 modelini xarid qilar eid.
«Xo‘sh, nima olsam ekan, iPhone 8 olsammikan yoki bir-ikki oydan keyin chiqadigan iPhone X flagmanini kutsammikan?» Bu savolni ko‘p eshitdik. Bu savolga javob berishning o‘zi bir mahorat 🙂
Ko‘pchilik iPhone X flagmanini kutdi va uni xarid qildi. Biroq «sakkizlar» bilan tanishar ekanmiz, ularni kashf qila boshladik hamda xarid qilish uchun bir qator sabablarni topdik.
Ehtimol, iPhone SE modelining muvaffaqiyatini yaxshi eslay olarsiz? Garchi uning dizayni avvalgi modellarni eslatgan bo‘lsa ham, yangi kamera hamda yangi protsessorga ega bo‘lgan bu jajji smartfon tez orada tillarga tushgan va yaxshi sotilgan edi. Hozir ham uning savdosi yomon emas.
Bugun siz o‘rganishga kirishgan iPhone 8 modelini ishlab chiqarishdan ko‘zlangan maqsad ham xuddi shunday – smartfon form-faktori o‘zgarmagan va ko‘pchilik bunday shaklga o‘rganib ham qolgan. Kuchli protsessor o‘rnatilgan bo‘lsa ham, narx avvalgiday qolgan. Bu ko‘pchilikni xursand qiladi, albatta.
Umuman olganda, iPhone 8 baribir iPhone X soyasida qoldi. 2017 yilning oxirlarida kuchli flagmanga nisbatan tanqislik yuzaga kelganida esa, iPhone 8 hamda 8 Plus modellari yaxshi sotildi.
Dizayn, ergonomika va dasturiy ta’minot
iPhone 8 modellarida avvalgi dizayn saqlanib qolgan – old panel ko‘rinishidan iPhone 7 modelini eslatib turadi. iPhone 8 hamda iPhone 8 Plus modellaridagi bosh o‘zgarish sifatida orqa panel yuzasining shishadan ishlangani bo‘ldi. So‘nggi marta kompaniya tariida iPhone 4/4S modellarida shunday jihatga ega bo‘lishgan. Beshinchi avlod ayfonlaridan boshlab esa kompaniya smartfonlarida metall korpusdan foydalanilgan. Faqat iPhone 5C bundan mustasno.
Ikkala flagmanlarning ham old va orqa korpusi maxsus — 7 qavatli o‘ta pishiq shishadan tayyorlangani e’lon qilindi. Orqa panelning shisha xomashyosidan tayyorlanganini kompaniya ayfonlarda simsiz quvvatlash texnologiyasini tatbiq qilayotganini anglatadi – metall panelda buning iloji yo‘q. Yoki Apple buni uddalay olmagan.
Korpus atrofi bo‘ylab tortilgan rom-sinch alyuminiydan tayyorlangan. Darvoqe, smartfon uch rangli korpusda ishlab chiqarilmoqda – tilla, kumush hamda «samoviy kulrang». Oxirgi talqinni qora rangli deyish mumkin. Ko‘pchilikning fikricha, aynan ana shu talqin yaxshi sotilmoqda. Biroq oq yoki tilla rang korpusning orqasidagi shisha panellar barmoq iziga u qadar o‘ch emasligi ham diqqatga sazovor. Smartfon dog‘larga qarshi oleofob plyonka bilan qoplangan bo‘lsa ham, qoramtir korpusda barmoq izi yaqqol seziladi.
Korpusdagi boshqaruv elementlarining o‘rnashuvi ham o‘zgarishsiz qolgan. Yuqori qism bo‘m-bo‘sh va quyi qismda Lightning porti, uning yonida dinamik hamda mikrofon mavjud. Oxirgi marta iPhone 6 va 6S modellarining quyisidan joy olgan mini-jek aydio quloqchin tuynugi yangi modellarda yana yo‘q. Aftidan, Apple o‘z qaroridan qaytmaydi.
Korpusning chap qismida ikkita boshqaruv tugmasi bor, ular yordamida ovozni boshqarish hamda smartfonni tezkor ovozsiz tizimga o‘tkazish mumkin.
Korpus o‘ng tomonida esa o‘chirib-yoqish tugmasi hamda SIM-karta uchun bo‘lmacha bor. Bu yerda bitta bo‘lmacha bor va qo‘shimcha xotira uchun bo‘lmacha ko‘zda tutilmagan. Bu borada ham Apple avvalgi tamoyillarida sodiq qolgan.
Barmoq izi skaneri ham avvalgi kabi ekran ostidagi markaziy tugmada joylashtirilgan. Uning ishlashi iPhone 7 modelidagi skaner bilan bir xil. Ularning tezkorligi hamda aniqligi ham bir xil.
Chang hamda suv tomchilaridan himoya iPhone 7/7 Plus modellaridagi kabi – IP67 standarti. Ya’ni, smartfon bir metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi suv ostida yarim soat bemalol «jon saqlaydi».
Korpus pishiqligini tekshirish o‘tkazilgan krash-testlar natijasiga ko‘ra, shisha panel metallga qaraganda ancha mo‘rt va tez sinuvchan bo‘ladi. Shu bois, albatta bamper yoki g‘ilof olishni maslahat beramiz. Aytmoqchi, iPhone 7 hamda iPhone 7 Plus modellari uchun mo‘ljallangan g‘iloflar ham bu modellarga mos keladi.
O‘lchamlari
Apple iPhone 8: 138.43×67.31×7.37 mm;
Apple iPhone 8 Plus: 158.50×77.98×7.62 mm.
Vazni
Apple iPhone 8: 148 gramm;
Apple iPhone 8 Plus: 202 gramm.
Platforma
Yangi ayfon samaradorlikda barcha smartfonlarni ortda qoldiradi. Boisi, iPhone 8’dagi «yurakcha» – yangi A11 Bionic protsessoridir. Aynan shu protsessor Apple iPhone X modeliga ham o‘rnatilgan. iPhone 8 2 Gb, iPhone 8 Plus 3 Gb tezkor xotiraga ega.
64 bit va 6 yadroli protsessor avvalgi — iPhone 7 va iPhone 7 Plus ega bo‘lgan Apple A10 Fusion chipidan 25 % samarali ishlaydi. Talqinidan kelib chiqib, smartfonlar 64 yoki 256 gigabaytli doimiy xotiralarga ega bo‘lgan.
Sarlavhada bekorga mazkur gadjetlarni jahonning eng kuchli smartfonlari deb aytmadik. Quyida bu devayslarning turli benchmarklarda to‘plagan ballari bilan tanishing.
AnTuTu:
Apple iPhone 8 — 202920 ball;
Apple iPhone 8 Plus — 193297 ball.
GeekBench:
Apple iPhone 8 — 10250;
Apple iPhone 8 Plus — 10391.
Hozircha hali biror smartfon amalda bundan yuqori ball to‘plagan emas.
Operatsion tizim
Apple yangi ayfonlarda tatbiq qilgan iOS 11 ko‘pchilik uchun muhim o‘ziga xoslik. Continuity, ya’ni o‘zaro bog‘liqlik funksiyasi ham Apple’ga xos. Misol uchun, iCloud xizmati allaqachon Apple ID qurilmalari uchun yagona ro‘yxatdan o‘tish bazasiga aylangan. Qolaversa, Apple foydalanuvchilari ma’lumotlarini bulutli saqlash omborxonalarida saqlab, ularni xohlagan vaqtlarida brendning boshqa qurilmalarida ham ochib foydalanishlari mumkin.
iOS’ga xos betakror jihatlardan biri — sms-xatlarni iMessage protokoli orqali yuborish imkoniyati. Bu foydalanuvchi uchun oddiy sms-xabar yuborishga o‘xshab ko‘rinishi mumkin, biroq gap shundaki, bu sms-xabarlar aloqa operatorlari emas, internet-kanallar orqali manziliga yetib boradi.
Ayfon operatsion tizimining yangilanishidan so‘ng gadjetda qo‘ng‘iroqlarni avtomatik ravishda qabul qilish funksiyasi paydo bo‘ladi.
Umuman olganda, iOS 11 turli-tuman funksiyalari bilan xursand qiladi.
Displey hamda ovoz
3Gs modelidan boshlab, barcha iPhone sifatli va yorqin displey bilan ta’minlangan. Uzoq kutilgan AMOLED matritsadan faqatgina iPhone X modelida foydalanilgan. «Sakkizlar» esa IPS-displey bilan ta’minlangan.
iPhone 8 – 4,7 dyuymli quyuq kristalli, 1334 × 750 pikselli displey (har dyuymda 326 ta belgi), iPhone 8 Plus – 5,5 dyuymli, Full HD (1920 × 1080, har dyuymda 401 ta belgi) quyuq kristalli displeyga ega bo‘lgan.
Displey ham tanishdek: yangi iPad Pro kabi True Tone texnologiyasi tasvirni tashqi ko‘rinish asosida aks ettiradi. Misol uchun, ko‘chada tasvir yorqin tus olsa, ichkarida nisbatan «iliq» ranglarda tasvirlanadi.
Yangi iPhone 8 va iPhone 8 Plus displeyi boshqa hech nimasi bilan avvalgilaridan farq qilmaydi.
iPhone 8 Plus modelida maksimal yorqinlik hamda ekran kontrasti iPhone 8 modelinikidan yuqori. Bir qarashda bu farqni sezish qiyin. Har ikkala smartfon quyosh nuri ostida ham aniq tasvir namoyish qilishi bilan o‘ziga xos. Rang va tasvir borasida bu ayfonlarda biror kamchilik yo‘q: rangning uzatilishi tabiiy va ko‘ngildagidek.
Ovoz sifati masalasida dinamiklarning ishlashi har ikkala iPhone 8 modellarida «ajdodlari»ga nisbatan bir oz baland. Ovoz imkoniyatlari borasida yagona shikoyat sifatida an’anaviy audio quloqchin tuynugining yo‘qligini aytish mumkin. Biroq, qadoqdagi perexodnik orqali Lightning porti mini-jek vazifasini bajaradi.
Kamera
iPhone 8 flagmani orqa panelida yap-yangi 12 megapikselli va bitta sensorli kamera o‘rnatilgan. Bu kamera yuqori sifatli tasvir olishni va’da bermoqda.
Kameralar tasvirni optik barqarorlashtiradi. Uning piksel sig‘imi iPhone 8 Plus’niki bilan bir xil – 12 Mp. Har ikkala kameralarda yangi yorug‘lik linzalari o‘rnatilgan bo‘lib, uning diafragmasi f/1.8 va f/2.8.
Qo‘sh kamerali iPhone 8 Plus’da yangi funksiya mavjud – Portrait Light. Bunda kamera yorug‘lik darajasini aniqlashtirib, kerakli yorug‘likni mustaqil ravishda qo‘shadi. «Portretli ostki-yoritish» rejimi suratlarni «studiya-sifati»da muhrlash imkonini beradi.
Shuningdek, kamera sekundiga 60 kadrli 4K sig‘imli yoki sekundiga 240 kadrli 1080p (Full HD) video yozadi.
Kameraga alohida «qo‘shimcha voqelik» rejimi o‘rnatilgan. Uning yordamida dasturchilar tomonidan yaratilgan ilovalar orqali real voqelik texnologiyasiga asoslangan o‘yinlarni o‘ynash yoki ilovalardan foydalanish mumkin. Misol uchun, 3 o‘lchamli interaktiv ilovalardan.
Old kamera uchun Apple iPhone 8 ham, Apple iPhone 8 Plus ham 7 megapikselli sensor bilan ta’minlangan.
Batareya
Apple iPhone 8 modelining “quvvat toshi” 2150 mA soat tok sig‘imiga ega. Bu quvvat bilan 14 soat suhbat qurish yoki 40 soat audio tinglash yoki 12 soat davomida internetdan foydalanish yoki 13 soat video ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Apple iPhone 8 Plus esa 2700 mA soat tok sig‘imli “quvvat toshi”ga ega bo‘lgan. Bu quvvat 21 soatlik suhbat, 60 soatlik audio tinglash, 13 soat internetdan foydalanish va 14 soat video ko‘rish uchun yetarli.
Boshqa o‘ziga xosliklar
iPhone 8 va iPhone 8 Plus video-kartasi real voqelik grafiklarini qayta ishlaydi va atrofimizdagi virtual buyumlarni ko‘rishga xizmat qiladi. Uning yordamida virtual sayohatlar qilish va bevosita virtual ob’yektlar bilan aloqaga kirishish mumkin.
iPhone 8 smartfonlarida Bluetooth 5.0 simsiz aloqa standarti va simsiz quvvat olish texnologiyasi tatbiq qilingan. Apple smartfonlari ilk marotaba maxsus dok-stansiyada simsiz quvvat olish standartiga ega bo‘ldi. Smartfonlar aloqaning LTE Advanced va LTE 5.0 tarmoqlarida ishlaydi.
Narx-navo
Smartfon 2 talqinda sotuvga chiqariladi — 64 Gb va 256 Gb doimiy xotira bilan. Ularning tezkor xotira sig‘imi 2/3 Gb. Smartfonlar kumush, tilla rang va «samoviy kul rang»li korpuslarda ishlab chiqariladi.
AQShda iPhone 8 $700, Plus modelining eng arzoni $799 dollardan sotuvga chiqariladi.
O‘zbekistonda Apple iPhone 8 (64GB kul rang) 5,769,000 so‘mdan, shuningdek iPhone 8+ (64 GB, grey, silver, gold) modeli esa 6,889,000 so‘mdan sotilmoqda.
Источник
iPhone 8 ва iPhone 8 Plus: Жаҳоннинг биринчи рақамли смартфонлари
Янги iPhone флагманининг тақдим қилиниши Apple ишқибозлари учун доимо байрам бўлиб келган. Хусусан, Apple нимаики тақдим қилган бўлмасин, унинг янги девайслари доимо диққат марказида бўлиб келади, муҳокама қилинади ва бирор инновацион жиҳати бўлади.
2017 йилнинг 12 сентябрида смартфон оламининг «тош-тарозиси» бўлмиш Apple корпорацияси «Стив Жобс театри»да юбилей айфони билан бирга, iPhone 8 ва iPhone 8 Plus флагманларини ҳам тақдим қилди.
Кўпчилик iPhone 8 борасида ҳам баҳсли мунозарани яхши билади: нега у шу ном билан аталди ҳамда нега уни «7S» деб номлашмади. Бундан ташқари эксперт ва фойдаланувчилар ўртасида бир савол юзага келди: аввалги йилги моделлардан унчалик фарқ қилмайдиган iPhone 8 модели ўзи нега керак эди? Айниқса, iPhone X – тубдан ўзгарган дизайндаги флагман тақдим қилингандан кейин ким ҳам эскича кўринишдаги iPhone 8 моделини харид қилар эид.
«Хўш, нима олсам экан, iPhone 8 олсаммикан ёки бир-икки ойдан кейин чиқадиган iPhone X флагманини кутсаммикан?» Бу саволни кўп эшитдик. Бу саволга жавоб беришнинг ўзи бир маҳорат 🙂
Кўпчилик iPhone X флагманини кутди ва уни харид қилди. Бироқ «саккизлар» билан танишар эканмиз, уларни кашф қила бошладик ҳамда харид қилиш учун бир қатор сабабларни топдик.
Эҳтимол, iPhone SE моделининг муваффақиятини яхши эслай оларсиз? Гарчи унинг дизайни аввалги моделларни эслатган бўлса ҳам, янги камера ҳамда янги процессорга эга бўлган бу жажжи смартфон тез орада тилларга тушган ва яхши сотилган эди. Ҳозир ҳам унинг савдоси ёмон эмас.
Бугун сиз ўрганишга киришган iPhone 8 моделини ишлаб чиқаришдан кўзланган мақсад ҳам худди шундай – смартфон форм-фактори ўзгармаган ва кўпчилик бундай шаклга ўрганиб ҳам қолган. Кучли процессор ўрнатилган бўлса ҳам, нарх аввалгидай қолган. Бу кўпчиликни хурсанд қилади, албатта.
Умуман олганда, iPhone 8 барибир iPhone X соясида қолди. 2017 йилнинг охирларида кучли флагманга нисбатан танқислик юзага келганида эса, iPhone 8 ҳамда 8 Plus моделлари яхши сотилди.
Дизайн, эргономика ва дастурий таъминот
iPhone 8 моделларида аввалги дизайн сақланиб қолган – олд панел кўринишидан iPhone 7 моделини эслатиб туради. iPhone 8 ҳамда iPhone 8 Plus моделларидаги бош ўзгариш сифатида орқа панел юзасининг шишадан ишлангани бўлди. Сўнгги марта компания тариида iPhone 4/4S моделларида шундай жиҳатга эга бўлишган. Бешинчи авлод айфонларидан бошлаб эса компания смартфонларида металл корпусдан фойдаланилган. Фақат iPhone 5C бундан мустасно.
Иккала флагманларнинг ҳам олд ва орқа корпуси махсус — 7 қаватли ўта пишиқ шишадан тайёрлангани эълон қилинди. Орқа панелнинг шиша хомашёсидан тайёрланганини компания айфонларда симсиз қувватлаш технологиясини татбиқ қилаётганини англатади – металл панелда бунинг иложи йўқ. Ёки Apple буни уддалай олмаган.
Корпус атрофи бўйлаб тортилган ром-синч алюминийдан тайёрланган. Дарвоқе, смартфон уч рангли корпусда ишлаб чиқарилмоқда – тилла, кумуш ҳамда «самовий кулранг». Охирги талқинни қора рангли дейиш мумкин. Кўпчиликнинг фикрича, айнан ана шу талқин яхши сотилмоқда. Бироқ оқ ёки тилла ранг корпуснинг орқасидаги шиша панеллар бармоқ изига у қадар ўч эмаслиги ҳам диққатга сазовор. Смартфон доғларга қарши олеофоб плёнка билан қопланган бўлса ҳам, қорамтир корпусда бармоқ изи яққол сезилади.
Корпусдаги бошқарув элементларининг ўрнашуви ҳам ўзгаришсиз қолган. Юқори қисм бўм-бўш ва қуйи қисмда Lightning порти, унинг ёнида динамик ҳамда микрофон мавжуд. Охирги марта iPhone 6 ва 6S моделларининг қуйисидан жой олган мини-жек айдио қулоқчин туйнуги янги моделларда яна йўқ. Афтидан, Apple ўз қароридан қайтмайди.
Корпуснинг чап қисмида иккита бошқарув тугмаси бор, улар ёрдамида овозни бошқариш ҳамда смартфонни тезкор овозсиз тизимга ўтказиш мумкин.
Корпус ўнг томонида эса ўчириб-ёқиш тугмаси ҳамда SIM-карта учун бўлмача бор. Бу ерда битта бўлмача бор ва қўшимча хотира учун бўлмача кўзда тутилмаган. Бу борада ҳам Apple аввалги тамойилларида содиқ қолган.
Бармоқ изи сканери ҳам аввалги каби экран остидаги марказий тугмада жойлаштирилган. Унинг ишлаши iPhone 7 моделидаги сканер билан бир хил. Уларнинг тезкорлиги ҳамда аниқлиги ҳам бир хил.
Чанг ҳамда сув томчиларидан ҳимоя iPhone 7/7 Plus моделларидаги каби – IP67 стандарти. Яъни, смартфон бир метргача бўлган чуқурликдаги сув остида ярим соат бемалол «жон сақлайди».
Корпус пишиқлигини текшириш ўтказилган краш-тестлар натижасига кўра, шиша панел металлга қараганда анча мўрт ва тез синувчан бўлади. Шу боис, албатта бампер ёки ғилоф олишни маслаҳат берамиз. Айтмоқчи, iPhone 7 ҳамда iPhone 7 Plus моделлари учун мўлжалланган ғилофлар ҳам бу моделларга мос келади.
Ўлчамлари
Apple iPhone 8: 138.43×67.31×7.37 мм;
Apple iPhone 8 Plus: 158.50×77.98×7.62 мм.
Вазни
Apple iPhone 8: 148 грамм;
Apple iPhone 8 Plus: 202 грамм.
Платформа
Янги айфон самарадорликда барча смартфонларни ортда қолдиради. Боиси, iPhone 8’даги «юракча» – янги A11 Bionic процессоридир. Айнан шу процессор Apple iPhone X моделига ҳам ўрнатилган. iPhone 8 2 Гб, iPhone 8 Plus 3 Гб тезкор хотирага эга.
64 бит ва 6 ядроли процессор аввалги — iPhone 7 ва iPhone 7 Plus эга бўлган Apple A10 Fusion чипидан 25 % самарали ишлайди. Талқинидан келиб чиқиб, смартфонлар 64 ёки 256 гигабайтли доимий хотираларга эга бўлган.
Сарлавҳада бекорга мазкур гаджетларни жаҳоннинг энг кучли смартфонлари деб айтмадик. Қуйида бу девайсларнинг турли бенчмаркларда тўплаган баллари билан танишинг.
AnTuTu:
Apple iPhone 8 — 202920 балл;
Apple iPhone 8 Plus — 193297 балл.
GeekBench:
Apple iPhone 8 — 10250;
Apple iPhone 8 Plus — 10391.
Ҳозирча ҳали бирор смартфон амалда бундан юқори балл тўплаган эмас.
Операцион тизим
Apple янги айфонларда татбиқ қилган iOS 11 кўпчилик учун муҳим ўзига хослик. Continuity, яъни ўзаро боғлиқлик функцияси ҳам Apple’га хос. Мисол учун, iCloud хизмати аллақачон Apple ID қурилмалари учун ягона рўйхатдан ўтиш базасига айланган. Қолаверса, Apple фойдаланувчилари маълумотларини булутли сақлаш омборхоналарида сақлаб, уларни хоҳлаган вақтларида бренднинг бошқа қурилмаларида ҳам очиб фойдаланишлари мумкин.
iOS’га хос бетакрор жиҳатлардан бири — смс-хатларни iMessage протоколи орқали юбориш имконияти. Бу фойдаланувчи учун оддий смс-хабар юборишга ўхшаб кўриниши мумкин, бироқ гап шундаки, бу смс-хабарлар алоқа операторлари эмас, интернет-каналлар орқали манзилига етиб боради.
Айфон операцион тизимининг янгиланишидан сўнг гаджетда қўнғироқларни автоматик равишда қабул қилиш функцияси пайдо бўлади.
Умуман олганда, iOS 11 турли-туман функциялари билан хурсанд қилади.
Дисплей ҳамда овоз
3Gs моделидан бошлаб, барча iPhone сифатли ва ёрқин дисплей билан таъминланган. Узоқ кутилган AMOLED матрицадан фақатгина iPhone X моделида фойдаланилган. «Саккизлар» эса IPS-дисплей билан таъминланган.
iPhone 8 – 4,7 дюймли қуюқ кристалли, 1334 × 750 пикселли дисплей (ҳар дюймда 326 та белги), iPhone 8 Plus – 5,5 дюймли, Full HD (1920 × 1080, ҳар дюймда 401 та белги) қуюқ кристалли дисплейга эга бўлган.
Дисплей ҳам танишдек: янги iPad Pro каби True Tone технологияси тасвирни ташқи кўриниш асосида акс эттиради. Мисол учун, кўчада тасвир ёрқин тус олса, ичкарида нисбатан «илиқ» рангларда тасвирланади.
Янги iPhone 8 ва iPhone 8 Plus дисплейи бошқа ҳеч нимаси билан аввалгиларидан фарқ қилмайди.
iPhone 8 Plus моделида максимал ёрқинлик ҳамда экран контрасти iPhone 8 моделиникидан юқори. Бир қарашда бу фарқни сезиш қийин. Ҳар иккала смартфон қуёш нури остида ҳам аниқ тасвир намойиш қилиши билан ўзига хос. Ранг ва тасвир борасида бу айфонларда бирор камчилик йўқ: рангнинг узатилиши табиий ва кўнгилдагидек.
Овоз сифати масаласида динамикларнинг ишлаши ҳар иккала iPhone 8 моделларида «аждодлари»га нисбатан бир оз баланд. Овоз имкониятлари борасида ягона шикоят сифатида анъанавий аудио қулоқчин туйнугининг йўқлигини айтиш мумкин. Бироқ, қадоқдаги переходник орқали Lightning порти мини-жек вазифасини бажаради.
Камера
iPhone 8 флагмани орқа панелида яп-янги 12 мегапикселли ва битта сенсорли камера ўрнатилган. Бу камера юқори сифатли тасвир олишни ваъда бермоқда.
Камералар тасвирни оптик барқарорлаштиради. Унинг пиксел сиғими iPhone 8 Plus’ники билан бир хил – 12 Мп. Ҳар иккала камераларда янги ёруғлик линзалари ўрнатилган бўлиб, унинг диафрагмаси f/1.8 ва f/2.8.
Қўш камерали iPhone 8 Plus’да янги функция мавжуд – Portrait Light. Бунда камера ёруғлик даражасини аниқлаштириб, керакли ёруғликни мустақил равишда қўшади. «Портретли остки-ёритиш» режими суратларни «студия-сифати»да муҳрлаш имконини беради.
Шунингдек, камера секундига 60 кадрли 4K сиғимли ёки секундига 240 кадрли 1080p (Full HD) видео ёзади.
Камерага алоҳида «қўшимча воқелик» режими ўрнатилган. Унинг ёрдамида дастурчилар томонидан яратилган иловалар орқали реал воқелик технологиясига асосланган ўйинларни ўйнаш ёки иловалардан фойдаланиш мумкин. Мисол учун, 3 ўлчамли интерактив иловалардан.
Олд камера учун Apple iPhone 8 ҳам, Apple iPhone 8 Plus ҳам 7 мегапикселли сенсор билан таъминланган.
Батарея
Apple iPhone 8 моделининг “қувват тоши” 2150 мА соат ток сиғимига эга. Бу қувват билан 14 соат суҳбат қуриш ёки 40 соат аудио тинглаш ёки 12 соат давомида интернетдан фойдаланиш ёки 13 соат видео кўриш мумкин бўлади.
Apple iPhone 8 Plus эса 2700 мА соат ток сиғимли “қувват тоши”га эга бўлган. Бу қувват 21 соатлик суҳбат, 60 соатлик аудио тинглаш, 13 соат интернетдан фойдаланиш ва 14 соат видео кўриш учун етарли.
Бошқа ўзига хосликлар
iPhone 8 ва iPhone 8 Plus видео-картаси реал воқелик графикларини қайта ишлайди ва атрофимиздаги виртуал буюмларни кўришга хизмат қилади. Унинг ёрдамида виртуал саёҳатлар қилиш ва бевосита виртуал объектлар билан алоқага киришиш мумкин.
iPhone 8 смартфонларида Bluetooth 5.0 симсиз алоқа стандарти ва симсиз қувват олиш технологияси татбиқ қилинган. Apple смартфонлари илк маротаба махсус док-станцияда симсиз қувват олиш стандартига эга бўлди. Смартфонлар алоқанинг LTE Advanced ва LTE 5.0 тармоқларида ишлайди.
Нарх-наво
Смартфон 2 талқинда сотувга чиқарилади — 64 Гб ва 256 Гб доимий хотира билан. Уларнинг тезкор хотира сиғими 2/3 Гб. Смартфонлар кумуш, тилла ранг ва «самовий кул ранг»ли корпусларда ишлаб чиқарилади.
АҚШда iPhone 8 $700, Plus моделининг энг арзони $799 доллардан сотувга чиқарилади.
Ўзбекистонда Apple iPhone 8 (64GB кул ранг) 5,769,000 сўмдан, шунингдек iPhone 8+ (64 GB, grey, silver, gold) модели эса 6,889,000 сўмдан сотилмоқда.
Источник